Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va BMT Taraqqiyot dasturi hamda Adliya vazirligi hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida shaharning zamonaviy master-rejasi ishlab chiqish ishlari boshlandi. Optimal Architect Group kompaniyasi Turkiyalik hamkor kompaniyalar bilan birgalikda Quvasoy shahri master rejasini ishlab chiqadi.
Bu tashabbus Quvasoyning ijtimoiy, iqtisodiy va ekologik salohiyatini oshirish, aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish hamda shaharni “yashil va aqlli” markazga aylantirishni maqsad qiladi.
Master-reja doirasida umumiy maydoni 100 gektargacha bo‘lgan hududda zamonaviy turar-joylar, dam olish va xizmat ko‘rsatish maskanlari, ekoturizm va tadbirkorlik zonalari, aholi uchun ochiq yashil hududlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bu orqali yangi ish o‘rinlari yaratilib, shaharning investitsiyaviy jozibadorligi va turmush sifati oshiriladi.
Loyiha ishlab chiqish jarayonida mahalliy aholi — ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va tadbirkorlarning takliflari ham inobatga olinadi. Shu orqali Quvasoyning kelajakdagi qiyofasi fuqarolarning real ehtiyojlari asosida belgilanadi.
Kompaniya vakillari 11-noyabr, 2025 yil sanasida master-reja amalga oshirilishi mo‘ljallangan hududda bo‘lib, amaldagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar.
Bu loyiha Quvasoyning tabiiy resurslari, mehnat salohiyati va joylashuv imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi. Yangi qiyofadagi Quvasoy — yashil, qulay va faol hayot shaharsi bo‘lishi kutilmoqda.

